Renessans ta’lim universiteti yuksak marralarni ko‘zlamoqda

Renessans ta’lim universiteti yuksak marralarni ko‘zlamoqda

Renessans ta’lim universiteti O‘zbekiston basketbol federatsiyasi hamda O‘zbekiston gandbol federatsiyasi bilan hamkorlik memorandumi imzoladi. Mazkur hujjat sport sohasidagi o‘zaro aloqalarni kengaytirish, talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va jismoniy tarbiya madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirda O‘zbekiston basketbol federatsiyasi bosh kotibi Botir Miradilov, O‘zbekiston gandbol federatsiyasi bosh kotibi Ismoiljon Matxalikov hamda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida universitetda ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish, talabalarni xalqaro sport musobaqalariga tizimli tayyorlash, arqon tortish bo‘yicha xalqaro darajadagi musobaqalarda ishtirok etish, shuningdek, sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlik memorandumi doirasida sport infratuzilmasini rivojlantirish, malakali murabbiylarni jalb etish, talabalar o‘rtasida sport musobaqalari va seminarlar tashkil etish borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.
Mazkur memorandum sport sohasida xalqaro tajriba almashish, yosh sportchilarni tayyorlash va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish imkonini beradi.