Renessans ta’lim universiteti Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

Renessans ta’lim universiteti Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Bu jarayon iqtisodiyot, ilm-fan va ta’lim sohasida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
 
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,78 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining 26,1 foizi Xitoy kapitali ishtirokidagi subyektlarga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiya va kreditlar hajmida Xitoyning ulushi 39,9 foizni tashkil etgani ushbu hamkorlikning iqtisodiy miqyosini yaqqol ifodalaydi.
 
Mazkur tendensiyalar ta’lim tizimi uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu boisdan Renessans ta’lim universiteti Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va yirik kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlikni izchil kengaytirib bormoqda.
 
Universitetimizda tashkil etilgan Zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik texnologiyalari instituti ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan muhim tashabbuslardan biridir. Institut faoliyati doirasida ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
 
Ushbu hamkorlik natijasida Renessans ta’lim universiteti xalqaro ta’lim maydonida ham innovatsion fikrlaydigan, texnologik salohiyatga ega, global raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biriga aylanmoqda.