Hozirda Renessans ta’lim universiteti vakillari Finlandiyada xizmat safarida bo‘lib turibdi. Ular joriy yilning 15-yanvaridan 16-fevraliga qadar Xalqaro Nordik universiteti va Oliy ta'lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamkorligida tashkil etilgan “Ta’lim tizimi menejmenti” bo‘yicha qo‘shma malaka oshirish kursida ishtirok etmoqda. Ushbu kursga O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalaridan mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, Renessans ta’lim universitetidan ham 8 nafar professor-o‘qituvchi qatnashmoqda.
Dastlab, ishtirokchilar O‘zbekistonda ikki haftalik tayyorgarlikdan o‘tishdi va hozirda Finlandiya taʼlim tizimini oʻrganish maqsadida ushbu mamlakatda malaka oshirishni davom ettirishmoqda. Safarning ilk kuni dunyodagi TOP 500 talikka kiruvchi, psixologiya-pedagogika yo‘nalishida esa TOP 50 talikdan o‘rin olgan Yuvaskula universitetiga tashrif bilan boshlandi.
Ma’lumot uchun
Yuvaskula universiteti Finlyandiya markazidagi zamonaviy ko‘p tarmoqli universitet hisoblanadi. U mintaqadagi kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi va mehnat bozori talablariga javob beradigan ta’limni taqdim etishga qaratilgan. Talabalar bu yerda fin va ingliz tillarida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida ta’lim oladilar.
Tashrif davomida universitetning ta’lim tizimi, pedagogik yondashuvlari va innovatsion uslublari o‘rganildi. Shuningdek, ishtirokchilar Finlandiya taʼlim tizimini ham oʻrganmoqda. Qolaversa, Yuvaskula universiteti bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta'lim dasturlari va malaka oshirish loyihalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Dastur doirasida ishtirokchilar uchun birinchi ma’ruzalar ham boshlandi. Jumladan, ‘“Finlandiyani ikki so‘z bilan tushuntirish: tarixi, iqtisodi va madaniyati” hamda “Finlandiya ta’lim tizimi va o‘qituvchilar tayyorlash modeli” mavzularida foydali ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, ishtirokchilar universitetining kutubxonasiga tashrif buyurishdi. Ushbu kutubxona nafaqat talabalar, balki butun Yuvaskula aholisi uchun ochiq bo‘lib, keng qamrovli ilmiy va badiiy adabiyotlar fondiga ega.
Mazkur malaka oshirish kursi Renessans ta’lim universiteti professor-o‘qituvchilari uchun katta tajriba almashish imkoniyatini beradi.