Kitob mutolaasi – tafakkur zinapoyasi

Kitob mutolaasi – tafakkur zinapoyasi

Renessans taʼlim universitetida kitob va tafakkurga bagʻishlangan “Kitob mutolaasi – tafakkur zinapoyasi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda kitobning jamiyat hayotidagi oʻrni, bilim va tafakkur sari yoʻllaydigan buyuk imkoniyatlari haqida soʻz bordi.

Tadbirni Renessans taʼlim universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Barakayev ochib, kitobning avlodlar oʻrtasida koʻprik yaratib, oʻzining bebaho donoligini asrlar boʻylab yetkazib kelayotganini taʼkidladi.

Rektorimizning soʻzlariga koʻra, kitoblar insonning tafakkurini yuksaltiruvchi bebaho qudratga ega ekanligi, ularni mutolaa qilish esa ongni boyitishi, hayotga yangi nigoh bilan qarashga undashi alohida eʼtirof etildi.

Uchrashuvda “Zamonaviy tasavvuf” darsligi muallifi, professor Haydarxon Yuldashxoʻjayev ham soʻzga chiqib, kitobning inson ongiga taʼsiri, u orqali tafakkur pogʻonalarini zabt etish yoʻlida nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi haqida mazmunli nutq soʻzladi.

Shundan soʻng, Haydarxon Yuldashxoʻjayev oʻzining “MEDPECE MIR ARAB” nomli kitobini universitet rektori Nusratilla Barakayevga esdalik sifatida tuhfa qildi.

Tadbir davomida talabalar ham faol qatnashib, “kitob oʻqish uchun 10 sabab” xususida oʻz fikrlarini bildirdilar, mavzuga mos sheʼrlar oʻqidilar va muhokamalarda ishtirok etdilar.

Kitob mutolaasining ahamiyati va tafakkur sari yuksalishdagi oʻrni haqida jonli suhbatlar olib borildi. Qizgʻin suhbatda talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar va yangi bilim, qimmatli fikrga ega boʻldilar.

Tadbir nihoyasida universitet rektori Nusratilla Barakayev mehmon Haydarxon Yuldashxoʻjayevga mazmunli suhbat va talabalar bilan oʻrtoqlashgan bilimlari uchun minnatdorlik bildirib, universitet rahbariyati nomidan esdalik sovgʻasini topshirdi.

Shu tariqa, kitobning hayotimizdagi ahamiyati, bilim va tafakkur sari yoʻl ochuvchi qudrati yana bir bor namoyon boʻldi.