Bitiruvchi yoshlarning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish bilan bandligini ta’minlash va ularni mehnat bozoriga tezkor integratsiya qilish bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari oldida turgan muhim vazifalardan biri. Shu maqsadda ish beruvchi xususiy sektor vakillari, tijorat banklari hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni amaliy jihatdan tashkil etish maqsadida Renessans taʼlim universitetining Marketing va talabalar amaliyotini tashkil etish bo‘limi hamda Moliya va kredit kafedrasi professor-o‘qituvchilari rahbarligida Iqtisodiyot yo‘nalishi, shuningdek, Buxgalteriya hisobi yo‘nalishi talabalari “Asakabank” ATB Yakkasaroy tuman filiali faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida talabalarga bank tizimida amalga oshirilayotgan ish jarayonlari, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish tartibi, zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilishi hamda yaratilgan yangi ish o‘rinlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Ushbu tashrif — bitiruvchi yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, bank-moliya sektori bilan bevosita tanishish, kelgusidagi kasbiy faoliyatini belgilashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.