O'qishni ko'chirish

Talabalar oʻqishini koʻchirish va qayta tiklashning umumiy qoidalari

1.Universitet talabalari oʻqishini koʻchirish va qayta tiklashda taʼlim yoʻnalishlarining (mutaxassisliklarining) nomlanishi bir xil boʻlganda bunday taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklari) mos deb hisoblanadi.

2. Talabalar oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash Universitet qabul komissiyasi qarorlari asosida amalga oshiriladi.

3.Universitetda oliy taʼlimning mos va turdosh yoʻnalishlari (ilova qilinadi) hamda mos mutaxassisliklari boʻyicha talabalar oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash Universitet rektorining buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.

4. Davlat, nodavlat (xususiy) va xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalaridan Universitetga talabalar oʻqishini koʻchirishga ruxsat etiladi.

5. Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalaridan va respublikadagi xususiy oliy taʼlim muassasalaridan Universitetga oʻqishini koʻchirishda tegishli taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisliklarining) ning kirish sinovlariga mos fanlardan test oʻtkaziladi.

Universitetning mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish oʻrnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga teng boʻlgan bir martalik toʻlov asosida amalga oshiriladi.

6. Quyidagi holatlar fuqaroning oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga Universitet tomonidan rad javobi berilishiga asos boʻladi:

-Oliy taʼlim muassasalarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv kurslari va boshqalarda oʻqiganlarga;

-birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda oʻqishni koʻchirishga (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar, oʻqigan taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlmaganda koʻchirib tiklash holatlari bundan mustasno);

-Universitetda mos (yoki turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmasa;

-belgilangan tartibda akkreditatsiyaga ega boʻlmagan muassasada oʻqigan boʻlsa;

-namunaviy oʻquv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) (majburiy va tanlov) fanlari boʻyicha farqlar 4 tadan oshganda;

-to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

-Universitet moddiy-texnika bazasining imkoniyatlari cheklanganligi sababli;

-xorijiy davlatlar va xususiy oliy taʼlim muassasalaridan Universitetga oʻqishini koʻchirishni istaganlar tegishli fanlardan oʻtkazilgan test (sinov)dan qoniqarsiz baholanganda;

-qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.

7. Fuqaroning oʻqishini koʻchirish (qayta tiklash) boʻyicha arizasiga rad javobi berilgan taqdirda, arizani koʻrib chiqish uchun belgilangan muddatda, arizada koʻrsatilgan manzilga, arizani koʻrib chiqqan komissiya tomonidan javob xati yoʻllanadi.

8. Talabalarning oʻqishini koʻchirish va qayta tiklashni rasmiylashtirishda Universitet rektori belgilangan tartibda oʻquv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni (namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) topshirish tartibi va muddatlarini (joriy semestr davomida), oʻqitish kursi (semestri) hamda oʻqishga qabul qilishning qonunchilikda belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.

9. Qabul komissiyasi tomonidan oʻqishini koʻchirish va qayta tiklashga ruxsat etilgan talabaga toʻlov-kontrakt shartlari, jumladan, toʻlov miqdorlari va muddatlari tushuntiriladi.

10. Universitet tomonidan talaba ilgari taʼlim olgan oliy taʼlim muassasasiga uning shaxsiy yigʻma jildini joʻnatish uchun soʻrovnoma yuboriladi.

11. Universitet rektorining talabani belgilangan tartib va muddatda darslarga qatnashishiga ruxsat etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi u ilgari taʼlim olgan oliy taʼlim muassasasidan uning shaxsiy yigʻma jildi (shaxsiy yigʻma jild joʻnatilishi mumkin boʻlmagan hollarda — akademik maʼlumotnomasi) olinib, toʻlov-kontrakt shartlari bajarilgandan keyin rasmiylashtiriladi.

12. Universitet rektorining toʻlov-kontrakt asosida oʻqishini koʻchirgan talabalarni oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida buyrugʻi talaba tomonidan belgilangan muddatda shartnoma toʻlovlari amalga oshirilgandan soʻng 10 kun ichida qabul qilinadi.