Shinjon-Uyg’ur avtonom rayoni delegatsiyasi Renessans ta’lim universitetiga tashrif buyurdi

newsIn

Shinjon-Uyg’ur avtonom rayoni delegatsiyasi Renessans ta’lim universitetiga tashrif buyurdi

Xitoyning Shinjon hukumati  Fan va texnologiyalar boshqarmasi boshchiligida, Xitoyning 28 ta avtonom viloyatlari va munitsipalitetlaridan 36 nafar katta muhandislar, ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi mutaxassislari, shuningdek, universitet rektorlari va professorlaridan tarkib topgan  ilmiy-texnik delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida, Renessnas ta’lim universitetida ham bo‘ldi.

Universitetga kirishda mehmonlar qizil yo‘lak uzra kutib olindi va rektor Nustratilla Barakayev rahnamoligida yettinchi qavatdagi Axborot resurs markazi bilan obdon tanishtirildi. U yerdagi atmosfera, turli xil badiiy va ilmiy kitoblar hamda talabalar tomonidan chop etilgan nashrlar kelganlarning diqqatini tortdi.

Tadbir boshida tarjimon yordamida barcha xitoylik mehmonlar tanishtirib o‘tildi va ikkala davlat o‘rtasidagi aloqalar har tomon uchun foydali bo‘lishi xususida aytildi.

Shundan so‘ng, Rektor Nusratilla Barakayev chiroyli nutq so‘zlab: “Xitoy – ilm xalqi uchun xizmat qiladi. Chinga borib bo‘lsa ham ilm izla” kabi hikmatli jumlalarni keltirdi. Shu bilan birga, ularga universitet haqida ham tushuncha berilib,  xalqaro aloqalar, kafedra va yo‘nalishlar xususida ma’lumotlar berildi.

Jarayon davomida, delegatsiya tarkibida bo‘lgan Shinjon texnologiya universiteti va Renessans ta’lim universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi va kelishuv doirasida “Xalqaro ta’lim o‘qitish markazi” ochildi.  Undan so'ng, xitoylik hamkorlarga milliy naqshlarimiz tushirilgan lagan (suviner) sovg'a qilindi. Ular tarafidan esa, Xitoy choyi bilan talabalar tomonidan qilingan qo'l mehnati tuhfa qilindi. 

Tomonlar kelajakda O‘zbekiston uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha turli xil yo‘nalishdagi kurslarni ochishga kelishib olishdi. Shu bilan birga, RTU’da sentabr oyida ochilishi rejalashtirilayotgan tillar kesimida Xitoy tili filologiyasi yo‘nalishini tashkil qilishda har tarafdan yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuv yakunida, mehmonlar uchun universitet tomonidan Coffe-Break tashkil qilindi hamda ular barcha qavatda olib borilayotgan dars jarayonlari bilan tanishtirildi.