RTU Qozog'iston davlat universitetlari bilan memorandum imzoladi

newsIn

RTU Qozog'iston davlat universitetlari bilan memorandum imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmonining 2-bandida “xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kurslarini zarur ilmiy, o‘quv-uslubiy, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash, o‘zbek tilini o‘rgatishga doir ilmiy tadqiqotlar miqdorini oshirish, shuningdek, xorijdagi o‘zbek tili markazlarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kurslar faoliyatini yo‘lga qo‘yish” vazifalari belgilangan.
 
Ushbu ijroni amalga oshirish maqsadida Renessans ta’lim universiteti “Filologiya” va “Xorijiy filologiya” kafedralarining bir guruh professor-o‘qituvchilari ilmiy safar uyushtirishdi. Ular Qozog‘iston Respublikasining Jumabek Tashenev nomidagi hamda Muxtar Auvezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetlarida bo‘lishdi.
 
Hamkorlik doirasidagi safar ishtirokchilarini Qozog‘iston Respublikasidagi Jumabek Tashenev nomidagi universitet Filologiya fakulteti dekani A.Mamit va universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i, Til va adabiyot kafedrasi dotsenti Sh.Noraliyevalar kutib olishdi.  
Dastlab Renessans ta’lim universitetidan tashrif buyurgan “Filologiya” kafedrasi mudiri M.Turdibekov, “Filologiya” kafedrasi professori L.Raupova, “Filologiya” kafedrasi professori, I.Islomov va “Xorijiy filologiya” kafedrasi katta o‘qituvchisi D.Xakimovalar mezbon Sh.Noraliyeva boshchiligida ta’lim muassasasining binosi, o‘quv xonalari, axborot resurs markazi bilan yaqindan tanishishdi. Undan keyin ular universitetning o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha prorektori P.T.Bayneeva bilan uchrashishdi. Uchrashuvda mehmonlar universitetdagi o‘quv jarayoni, dars mashg‘ulotlarining tashkil etilishi va o‘quv-me’yoriy hujjatlar bilan tanishtirildi. 
Shundan so‘ng, Renessans ta’lim universiteti professor-o‘qituvchilarini Jumabek Tashenev nomidagi universitet rektori K.S.Baybelov qabul qildi. U universitet faoliyati, undagi mavjud ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bilan yaqindan tanishtirish bilan birga ularga xalqaro qo‘shma ilmiy-amaliy, innovatsion, fundamental loyihalarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida hamkorlik qilish haqida takliflarni kiritdi. Qizg‘in davom etgan muzokara va suhbatdan so‘ng tomonlar ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandum va shartnomalar imzolanishi haqidagi takliflarni qo’llab-quvvatlashdi. 
 
Safar ishtirokchilari uchun ikkinchi manzil Muxtar Auvezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti bo‘ldi. U yerda ular O‘zbek filologiyasi ta’lim yo‘nalishi mas’uli  Y.Madaliyev bilan birgalikda o‘quv jarayoni, mashg‘ulotlarning amalga oshirilishi, universitetning xalqaro bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ushbu bo‘limida Muxtar Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti va Renessans ta’lim universiteti o‘zaro ilmiy, o‘quv, metodik faoliyat yo‘nalishlari doirasida memorandum hamda hamkorlik shartnomasini imzolash jarayoni o‘tkazildi. Ilmiy-pedagogik, o‘quv jarayoni bo‘yicha ikkala tomon professor-o‘qituvchilari o‘rtasida maqsadli, amaliy faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ham ma’qullandi.