“Zamonaviy kasblar” mavzusida soha mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazildi

“Zamonaviy kasblar” mavzusida soha mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazildi

So‘nggi yillarda internet olami rivojlangani sayin hayotimizga yangidan-yangi kasblar kirib kela boshladi. Bunga misol tariqasida: SMM, HR, brend menejeri, dasturchi, grafik dizayneri, treyder  kabilarni keltirish mumkin.
 
Shu munosabat bilan Renessans ta’lim universitetining Iqtisodiyot kafedrasi “Turizm” va “Bank ishi va audit” yo‘nalishi talabalari uchun maxsus uchrashuv tashkillashtirdi. Unda “Rivoj.uz” Zamonaviy kasblar markazi rahbari Muhammad Ashurov hamda SMM mutaxassisi Sevinch Azimovalar taqdimot qilishdi.
Dastlab, Muhammad Ashurov chiqishi davomida talaba yoshlarga sohasi doirasida qiziqarli ma’lumotlar berish bilan birgalikda, ularni o‘rganish uchun qanaqa bosqichlardan o‘tish kerakligi hamda nima uchun o‘z ustida ishlash muhim narsa ekanligi to‘g‘risida hayotiy va aniq misollar keltirdi. Bugungi kunda kerakli va dolzarb bo‘lgan mutaxassisliklar va ularga mos ish joylarini to‘g‘ri tanlash bo‘yicha ham maslahatlar berildi.
Ma’lumot uchun: Ashurov Muhammad “Talantlar Maktabi”, “Level Cinema”, “Milliy kasb-hunar akademiyasi”, “Biznes va moliya boshqaruv akademiyasi” loyihalari asoschisi hisoblanadi.
Ijtimoiy tarmoq marketingi SMM (Social Media Marketing) mutaxassisi Sevinch Azimova tinglovchilarga SMM tushunchasi haqida to‘liq ma’lumot berdi. Shu bilan birga, hozirgi kunda bu ish turining dolzarbligi,uni o‘rganish orqali ko‘p mablag’  topish mumkinligi haqida aytib o‘tildi.
Suhbat qizg‘in tusdagi fikr almashish va savol-javoblarga boy bo‘ldi. Uni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad ham aynan yoshlarni kelajak kasblariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda ularga bu borada keraklicha bilim berishdan iborat.