“Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi” professor o‘qituvchilari tomonidan har oy tashkillashtiriladigan uchrashuvning bu safargi mehmoni siyosiy fanlar doktori, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi – Baxtiyor Omonov bo‘ldi.
Professor “Renessans ta’lim universiteti”ning faollar zalida yig‘ilganlarga “Zamonaviy jamiyat va zamonaviy konsepsiya” mavzusida ma’ruza qildi. Baxtiyor Omonov tinglovchilarga siyosat va jamiyat xususida juda ham qimmatli bilimlar berish bilan birgalikda ularga sharqning bilim va madaniyat bobida yuksak ekanligi, barcha ilm yog‘dusi sharqdan taralganligi xususida tarixiy ma’lumotlar berib o‘tdi.
Shuningdek, hozir har sohada g‘arb ildamlikni qo‘lga olgani, bugungi yosh avlod ajdodlar ilmini davom ettirishi, sharqni yuksaltirishi kerakligini aytib, talaba yoshlarni ruhlantirdi. Suhbat jarayonida sharq va g‘arb iqtisodiyoti va rivojlanishidagi farqlar borasida statistik ma’lumotlar keltirildi.
Yig‘ilishda ekspert sifatida universitet falsafa fanlari doktori, professori Temur Jo‘rayev hamda siyosiy fanlar doktori, professor To‘lqin Alimardonov o‘zlarining qizg‘in nutqlari bilan ishtirok etishdi.
Uchrashuv so‘ngida Baxtiyor Omonov o‘z muallifligi ostida chop etilgan kitoblarini hamda ularning elektron shaklini RTU kutubxonasi uchun tuhfa qildi.