Renessans ta'lim universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bo‘sh turgan yashil maydonlarda manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan aksiyada universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Universitet rektori Nusratilla Barakayevning ta'kidlashicha umummilliy loyiha doirasida ko‘chat ekish-ekologik muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, aksiya doirasida bo‘sh turgan yashil zonalarga 100dan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilganini ma'lum qildi.
Daraxt ko‘chatlari hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Endi ular agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi.
Yurtimiz bo‘ylab start olgan ushbu tashabbus ekologiyamizni barqarorlashtirish, havoning tozaligini ta’minlash va qalbimizni ezgulikka burkashda muhim omil hisoblanadi.