Shayxontohur tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, Tuman prokuraturasi, soliq inspeksiyasi va bir qator mutassaddi tashkilotlar vakillari va Oliy ta’lim muassasalari ishtirokida “Sektor rahbarlari va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Tadbir 1000ga yaqin yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida tashkil etildi.
Ushbu tadbirda avto blogger Otabek Jurayev (iWash), blog yuritishning foyda va zararlari hamda “Ibrat farzandlari” loyihasi ishtirokchisi Iskandar Kamoliddinov “Ibrat academy”da o‘rgatilayotgan tillar, ta’lim investitsiyalari, Londonga sayohat haqida taqdimotda batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Shayxontohur tumani sektor rahbarlari yoshlarning fikr va mulohazalari, taklif va tashabbuslari, ularni qiynayotgan muammolarni tingladilar.
Renessans ta’lim universiteti rektori Nusratilla Rajabovich Barakayev 1-sektor rahbari, tuman hokimi Botir Erkinovich Zohidovga universitetda talabalar soni 10 mingga yaqinligi sabab, yo‘l qatnov qismida va jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotgani haqida murojaat yo‘lladi. Tuman hokimi bu muammoni batafsil o‘rganib chiqib, hal qilish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.