Ma’naviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda muzeylarning o‘rni nihoyatda beqiyos. Zero, muzeylarda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak ma’naviyatidan hikoya qiladi.
Bu esa yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat, e’zoz va muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish bilan birga, ularda shu aziz Vatanga munosib farzand bo‘lish tuyg‘usini ham shakllantiradi.
Ayni shu jihatlarni e’tiborga olgan holda Renessans ta’lim universiteti tomonidan “Muzeyga sayohat” tadbiri doirasida Boshlang‘ich, maktabgacha ta’lim va sport kafedrasi talabalarining poytaxtimizdagi “Temuriylar tarixi” davlat muzeyiga tashrifi tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi ekskursiyalar talaba-yoshlarga ma’naviy ozuqa berish hamda ularda vatanga muhabbat, ajdodlarga, tariximizga bo‘lgan faxr tuyg‘ularini oshirishda muhim ahamiyatga ega.