Renessans ta’lim universiteti “Ijtimoiy-siyosiy fanlar” kafedrasi tomonidan ilmiy-ma’rifiy seminar tashkil etildi.Seminarda universitet rahbariyati, kafedra professor-o‘qituvchilari, tarix yo‘nalishining sirtqi ta’lim shakli talabalari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Kamol Matyoqubovning “Xorazmshohlar davlatlari va Sulton Jaloliddin Manguberdi taqdiri” asarining mazmun-mohiyati talaba-yoshlarga tushuntirildi.
Dastlab, kirish so‘zida professor, s.f.d. T.Alimardonov o‘zbek davlatchiligi tarixini o‘rganish va undan saboq chiqarishda ushbu asarning o‘rni katta ekanligi, ajdodlarimiz bosib o‘tgan yo‘ldan, taraqqiyot va tanazzullardan, yutuqlar va kamchiliklardan xulosa chiqarish, yurtdoshlarimizning mardliklari, ularning xalqimizga qanday xizmat qilganliklaridan voqif bo‘lish kerakligini ta’kidladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Kamol Matyoqubovning “Xorazmshohlar davlatlari va Sulton Jaloliddin Manguberdi taqdiri” asarining mazmun-mohiyati, Xorazmning tarixda bosib o‘tgan yo‘li, davlatchilik taraqqiyoti, mashhur shaxslari haqida Sharq allomalari xitoy, arab, fors, turkiy tillarda, shuningdek, dunyo qadimshunoslari Yevropa tillarida yuzlab tarixiy, ilmiy, badiiy jug‘rofiy asarlar yaratganlari, bular Xorazmning dunyo tarixida tutgan o‘rnini belgilab berishda noyob asarlar hisoblanishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin tariximizni, merosimizni asl manbalar asosida, xolislik bilan, ilmiy manbalarga muvofiq o‘rganishga kirishildi. Bu ish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yurtimiz, jumladan, Xorazm tarixining unutilgan, o‘tmish bag‘riga ko‘milgan sahifalari yana qaytadan ko‘z ocha boshladi. Tadbirda Jaloliddin Manguberdining o‘n yil davomida yurtini, xalqini mo‘g‘ullardan ozod qilish yo‘lidagi olib borgan qahramonona kurashlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ma’ruzachi Kamol Matyoqubov vatanimiz ozodligi yo‘lida kurashgan Jaloliddin Manguberdi va unga o‘xshagan milliy qahramonlarimiz hayotini, tarixini, faoliyatini ham ilmiy, ham badiiy, ham sosiologik tadqiq etishda qiladigan ishlarimiz ko‘p ekanligi, ularni amalga oshirish hayotiy zarurat hisoblanishini ta’kidladi.
Ilmiy-ma’rifiy seminar qizg‘in tarzda savol-javoblarga boy bo‘ldi va kelgusida bu kabi tadbirlarni yana o‘tkazishga kelishib olindi.