RTUda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi faoliyati takomillashtirilmoqda

RTUda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi faoliyati takomillashtirilmoqda

Renessans ta’lim universiteti faollari zalida universitet Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi faoliyatini takomillashtirish, uning raisi va uning a’zolari, shuningdek, dekan maslahatchilarini saylash jarayoni bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori Nusratilla Rajabovich Barakayev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 1-prorektor Eshmurodov Akbar Tolliboyevich, fakultet dekanlari hamda oliygohning ayol professor-o‘qituvchilari va ishchi xodimlari ishtirok etishdi.
Ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022 yil 7 martdagi PF-87 sonli Farmoni 1-ilova 51-bandi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024 yil 20 avgustdagi «Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 316-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi.
 
Kengash yig‘ilishida universitet Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, 15 nafar a’zolari,  dekan maslahatchilari saylandi. Kengash raisligiga Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi dotsenti v.b., falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Abdullayeva Hulkar Raxmatullayevna saylandi. 
 
Ma’lumki, universitetda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning 48 % ni xotin-qizlar tashkil etadi. Maslahat kengashining asosiy vazifalari xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlarning mehnat jamoalarida, davlat va jamoat boshqaruvi sohasidagi rolini kuchaytirish, ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, universitetdagi xotin-qizlarni «Moʻtabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash yuzasidan takliflar kiritish, xotin-qizlar, ayniqsa yordamga muhtoj talabalarga ko‘mak ko‘rsatish, ta’lim muassasasida xotin-qizlar o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazishdan iborat.
 
Tadbirda maslahat kengashi raisi Abdullayeva Hulkar Raxmatullayevna nutq so‘zlab, 2024/2025-o‘quv yilida universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi oldidagi ustuvor vazifalarga to‘xtaldi.