Renessans taʼlim universiteti faollar zalida Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi tomonidan “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatini kafedra professori, siyosiy fanlar doktori T.Alimardonov ochib berdi va jadidchilik tarixi hamda uning faoliyati haqida nutq soʻzladi. Jumladan, “mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan maʼrifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning oʻz qimmati va ahamiyatini hamon yoʻqotmasdan kelayotgan boy merosini teran tadqiq va targʻib etish bizning ustuvor vazifamizdir” deb taʼkidladi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi, dotsent A.Yoʻldashev, falsafa fanlari nomzodi Sh.Qahhorova va tarix fanlari doktori Sh.Ergashevlar maʼruza qildi.
Taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilgʻor gʻoya va qarashlarini tadqiq etish va tizimlashtirish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi oʻrni va taʼsirini oʻrganish, XX asrning birinchi choragida ular tomonidan barpo etilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish, dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat qurishga qaratilgan faoliyatiga tarixiy baho berish, Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda ushbu merosning mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi bilan bogʻliq masalalar davra suhbatida muhokama etildi.
Shuningdek, buyuk maʼrifatparvar bobolarimiz tomonidan olgʻa surilgan gʻoyaviy-siyosiy, ijtimoiy-maʼrifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar oʻrtasida bagʻrikenglik va hamjihatlik tamoyilini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatni himoya qilishga qaratilgan intilish hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlar uchun chinakam ibrat namunasi ekanligi taʼkidlandi.