RTUda 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni tantanali tarzda nishonlandi

RTUda 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni tantanali tarzda nishonlandi

O‘zbekistonda har yili 21-oktabr sanasi o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida yodga olinadi. Ushbu bayram milliy iftixor, madaniy meros va tilimizning boy tarixiga hurmat sifatida talqin qilinadi. 
 
Shu munosabat bilan, Renessans ta’lim universitetida “Til - millat ko‘zgusi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirga mehmon sifatida O‘zbekiston Milliy universiteti professori, Filologiya fanlari doktori, tilshunos olima Ra’no Sayfullayeva, Xalqaro fanlar akademiyasi akademigi, Butunjahon Xalq ijodkorlar uyushmasi a’zosi, shoir va adabiyotshunos G‘ofurjon Tojiboyev, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shodmonqul Salom hamda Oʻzbek davlat drama teatri bosh rejissori, mahoratli aktyor Bahodir Mirmaqsudov  tashrif  buyurdi. 
 
Tadbirni Renessans ta’lim universiteti rektori texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Barakayev ochib berdi.
Keyingi so‘z navbati tilshunos olima Ra’no Sayfullayevaga berildi. Olima chiqishi davomida yoshlarga davlat tili nafaqat aloqa vositasi, balki xalqimizning o‘ziga xosligini, ma’naviyatini va o‘tmishini aks ettiruvchi ko‘zgu ekanligini taqdimot ko‘rinishida tushuntirib berdi.
Taqdimotdan so‘ng, Shodmonqul Salom o‘zining til haqidagi chuqur mulohazalari va she’rlari bilan davraga o‘zgacha bir samimiyat, iliqlik olib kirdi. Shoirning so‘zlari talabalarni ilhomlantirdi va ularda ruhiy bir yaqinlik paydo qildi.
So‘ngra,  davraga mahoratli aktyor Bahodir Mirmaqsudov chiqib, ta’sirli monolog ijro etdi va talaba-yoshlar e’tiborini o‘ziga qaratdi.
 
Tadbir qo‘shiq va raqslarga ulanib o‘zgacha kayfiyat bilan yakunlandi.
Ushbu tantanali kun ona tilimizni saqlash, rivojlantirish va uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim vazifalarni eslatib turadigan unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.