Toshkent shahridagi Inha universitetida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, shuningdek, ular yaratgan loyihalarni ishlab chiqish va yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida memorandum imzolangan edi.
Kelishuv ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti yoshlar ittifoqi jamoasi konsert dasturi namoyish etishdi. Memorandum doirasida birinchi tadbirga Renessans ta’lim universiteti mezbonlik qildi.
Badiiy kechada hamkor ta’lim muassasalarning san’atsevar talabalari hamda Inha universiteti, O‘zDSMI, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi, Diplomat universiteti, Profi universiteti yoshlar ittifoqi a’zolari mehmon sifatida ishtirok etdi.
Dastlab, universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Zohid Narziyev so‘zga chiqib, San’at va madaniyat institutining talaba yoshlaridan iborat jamoaga o‘z minnadorchiligini bildirdi. Shu bilan birga, Z.Narziyev o‘z so‘zida, talabalar madaniy tadbirlarda faol qatnashishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, san’atga oshno qalbda yovuzlikka o‘rin yo‘qligini, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda bugungi kunda bo‘layotgan keng qamrovli bunyodkorlik va yaratuvchanlik jarayonlariga daxldorlik hissini shakllantirish, kundalik turmush jarayonlarida madaniyat va san’atning o‘rnini har tomonlama oshirish asosiy yo‘nalishlardan biri ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Kechada milliy va zamonaviy raqslar, quvnoqlar va zukkolar jamoalarining chiqishlari hamda jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar talabalar jo‘rligida namoyish etildi.