Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahrida Ta’lim va fan vazirligi, Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi tarix fanini rivojlantirish komissiyasi, Yusuf Bolosog‘uniy nomidagi Qirg‘iziston Milliy Univesiteti, Oltoy davlat universiteti, Oltoyshunoslik va turkologiya ilmiy-o‘quv markazi, Qirg‘iziston Respublikasi tarix va mintaqashunoslik instituti, Jurnalistika va aloqalar instituti, Milliy fanlar Akademiyasi, Arxeologiya va Etnogrfiya instituti hamkorligida “O‘rta asrlar davrida Yevroosiyodagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va etnomadaniy jarayonlar” mavzusiga bag‘ishlangan II Xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi.
Unda O‘rta asrlarda turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, etnografiyasi va davlatchilik merosi bilan shug‘ullangan 10 dan ortiq mamlakatlardan olimlar ishtirok etishdi. Mazkur anjumanda Renessans ta’lim universiteti professori siyosiy fanlar doktori To‘lqin Alimardonov qatnashib, “Yevroosiyo mintaqasida Amir Temurning siyosiy strategiyasi” mavzusida ma’ruza o‘qidi.
Anjuman ishtirokchilari O‘rta asrlarda Yevroosiyo mintaqasida vujudga kelgan turkiy xalqlarning yuksak madaniy merosi, ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, davlatchilik madaniyati, uning jahon tarixida tutgan o‘rni va ulkan ta’siriga doir keng ko‘lamda ilmiy mushohadalar olib borishdi. Bundan tashqari, u yerda, atoqli o‘zbek sharqshunosi Bo‘riboy Ahmedovning 100 yilligiga bag‘ishlangan “Markaziy Osiyo mamlakatlarida zamonaviy Sharqshunoslik muammolari” xalqaro simpoziumi ham tashkil etildi. Unda B. Axmedovning ilmiy va ijtimoiy faoliyati haqida videorolik namoyishi o‘tkazildi. Uning turkiy xalqlar tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan xizmatlari barcha ishtirokchilar tomonidan munosib e’tirof etildi.
Jarayon doirasida Renessans ta’lim universiteti va Qirg‘iziston Milliy Universiteti bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, ikki tomonlama talabalar o‘quvi, amaliyot almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar va olimlar hamkorligi masalalari kelishib olindi.