Oliy ta’lim muassasalari talabalari o'rtasida bilim va zakovatga qiziqishni oshirish maqsadida har yili “Intellektual olimpiada” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan Renessans Ta’lim Universitetida “Zakovat ligasi”ning yangi mavsum o‘yinlariga start berildi.
Mazkur intellektual bellashuv universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo'limi, Yoshlar ittifoqi yetakchisi, Yosh akademiklar va "Zakovatchilar" klubi raisi tashabbusi bilan tashkil etilib, talabalar o‘rtasida bilim olishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ijodiy fikrlashni rivojlantirish va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Musobaqaning dastlabki o‘yinlarida talabalar turli mavzulardagi savollarga javob berish orqali o‘z intellektual qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. “Zakovat” o‘yinlari jamoalar o‘rtasida do‘stona raqobat muhitini yaratib, talabalarni ilmiy izlanish va bilim olishga undadi.
“Zakovat ligasi”da g‘olib chiqqan jamoalar nafaqat universitet, balki respublika miqyosidagi intellektual o‘yinlarda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa yoshlar o‘rtasida ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqni yana-da kuchaytirishi kutilmoqda.
O‘yinlarda qatnashgan talabalar loyihani yuqori baholab, bu kabi tadbirlar ularga nafaqat bilim, balki yangi do‘stlar topish, jamoaviy ishlash va yangi mahoratlarni egallash imkonini berishini ta’kidlashdi.
Bu kabi tashabbuslar nafaqat talabalarning intellektual o‘sishiga, balki milliy iqtidorlar zaxirasini kengaytirishga xizmat qiladi.