Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va maʼnaviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til bor ekan millat barhayotdir. Millat farzandlarining o‘z ona tilisiga mehri va e’tiborini yuksaltirish maqsadida Renessans ta’lim universitetida adabiy-badiiy kecha o'tkazildi. Pedagogika-filologiya kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, “Madaniyat va ma’rifat” telekanali katta muharriri, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Zebo Mirzayeva, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari va bir guruh kursantlar, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi talabalari, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti yosh ijrochilari, Renessans ta’lim universiteti iqtidorli talabalari ishtirok etdi. Davra suhbati davomida masʼul vakillar tomonidan o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart – sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan saʼy-harakatlar alohida eʼtirof etildi.Shuningdek, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashish talab etilishi taʼkidlandi.Kecha so‘ngida san’at va madaniyat vakillarining badiiy chiqishlari, kuy-qo‘shiqlari, raqslari kechaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Pedagogika-filologiya kafedrasi tomonidan tashkil etilgan intellektual o‘yin esa talabalarning o‘zbek tilini yanada chuqurroq o‘rganishga, topqirlik va zukkoliklarini oshirishga imkon yaratdi.