Nosir Maxmudovich Maxmudov (1950-yil) — oʻzbekistonlik olim, iqtisod fanlari doktori, professor.
Renessans ta’lim universitetida Nosir Maxmudov ishtirokida “Kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish va undagi qiyinchiliklar” mavzusiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
Dastlab, Universitet rektori Nusratilla Radjabovich Barakayev so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda mavjud oliy talim muassasalarining ilmiy salohiyati hamda Renessans ta’lim universitetining hozirgi kundagi reyting ko‘rsatkichini yuksaltirish maqsadida olib borilayotgan sayi harakatlari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng, Nosir Maxmudov “Ilm bilan shug‘ullanuvchilar Jannat bilan kafolatlangan” degan ibratli fikr bilan davra suhbatini davom ettirdi. O‘rta Osiyo mamlakatlarida, ayniqsa, O‘zbekistonda iqtisodiyot sohasida Nobel mukofoti sovrindorlari yo‘qligi, ilm yo‘lida qilinayotgan harakatlarga qo‘yilgan to‘siqlar, ilmiy salohiyatni oshirishdagi qiyinchiliklar haqida yig‘ilganlarga o‘z munosabatini bildirdi. “Ixtirolar va innovatsiyalar bo‘yicha Nobel mukofotlari sovrindorlari bilan har birimiz yaqindan tanishishimiz lozim” – deya, fikrlarini davom ettirdi N.Maxmudov hamda “Iqtisodiyot bilimi osmonida yulduzga aylanganlar” nomli kitobni barcha yig‘ilganlarga tavsiya qildi.
Uchrashuv qizg‘in savol-javoblar va bahs-munozalar bilan yakunlandi. Kelgusida iqtisodiyot sohasida Renessans ta’lim universiteti hamda mamlakatimiz ilmiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan rejalar kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar N.Maxmudov 80 dan ortiq ilmiy ishlar, shundan 7 tasi oʻquv qoʻllanma va ilmiy monografiya hamda risolalar muallifi boʻlib, ular asosan Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni modellashtirish, makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni prognozlashtirish, sanoat sohalarini boshqaruv tizimining iqtisodiy tadqiqoti, paxta va yengil sanoat korxonalarini barqaror rivojlantirish strategiyalari tadqiqoti, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni davlat tomonidan tartibga solish va boshqa ijtimoiy dolzarb muammolarga bagʻishlangan ilmiy ishlari nufuzli xalqaro va respublika nashriyotlarida chop etilgan.
Professor Nosir Maxmudovich “Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni modellashtirish va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni prognozlashtirish” yo‘nalishida ilmiy maktab yaratgan yetakchi, iqtisodchi olim hisoblanadi. Ushbu maktabda professor fan doktorlari, fan nomzodlariga ilmiy rahbarlik qilib, ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.