RTUda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi va raisi, O‘zbekiston xalq rassomi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “Shanxay hamkorlik tashkilotining ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni, Yaponiya imperatorining “Chiqayotgan quyosh katta kordon” ordeni mukofotlari sohibi Akmal Nuriddinov (Akmal Nur) bilan ijodiy uchrashuv o'tkazildi.
Uchrashuv doirasida rassom “qizil yo‘lak”da tashkil etilgan dizayn yo‘nalishi talabalarining ijod namunalarini o‘zgacha zavq bilan tomosha qildi. Shundan so‘ng, faollar zalida Akademik talaba-yoshlarga hayot faoliyati va ijodi haqida so‘zlab berdi.
Rassomning ta’kidlashicha, odamlar har narsani moddiyat bilan o‘lchashni odatga aylantirayotgan bugungi kunda tasviriy san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish juda ham zarur.“Hozir tez rivojlanayotgan zamonda yashayapmiz. Mana shu davrda odamlar ichki his-tuyg‘ularini unutib qo‘yib, pragmatik bir quruq munosabatga ega shaxsga aylanib qolyapti. Hamma narsaga hisob-kitob bilan yondashadigan, har bir narsaga moddiyat bilan qaraydigan, o‘z foydamizni o‘ylaydigan bo‘lib qoldik. Bu dunyoda nafaqat moddiyat, balki ruhiyat ham borligini bildirish, asarlarimni ko‘rib, o‘ziga o‘zi savol berishi va javob olishi, ruhiy dunyosida ko‘milib yotgan his-tuyg‘ularini ozgina bo‘lsa ham uyg‘otish — asosiy maqsadim. Ana shunga erishish uchun qilingan ishlarimning barchasi ko‘ngil, ishq, muhabbat va ichki tug‘yon, anduh bilan bog‘liq”, — dedi Akmal Nur.
Tadbir yakunida Akmal Nur xorij mamlakatlarida chop etilgan asarlarini RTU kutubxonasi uchun sovg‘a qildi.
Ma’lumot uchun, Akmal Nuriddinov (Akmal Nur) 1987-yildan buyon O‘zbekistondagi va xalqaro ko‘rgazmalarda o‘z asarlari bilan ishtirok etib keladi. Uning ijodiy ishlari O‘zbekiston, Shveysariya, Niderlandiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Avstraliya, AQSh, Isroil, Kanada, Marokash, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston muzeylari va xususiy kolleksiyalarda saqlanadi.