Joriy yilning 15-mart kuni Jizzax shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Unda sohaning dolzarb masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilish doirasida Jizzax politexnika instituti hududida “Yashil makon” loyihasi asosida “Ziyolilar bog‘i” tashkil etildi. Bu ezgu tashabbusda Renessans ta’lim universiteti rektori, texnika fanlari doktori Nusratilla Barakayev hamda universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, pedagogika fanlari doktori Abror Askarov ham faol qatnashdi. Ular bog‘ga ko‘chat ekib, ushbu loyihaga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.
Shu bilan birga, Renessans ta’lim universitetida ham “Yashil makon” loyihasi doirasida hashar o‘tkazildi. Universitet hududida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Bu nafaqat atrof-muhitni yanada ko‘kalamzorlashtirish, balki talabalarga ekologik tarbiya berish yo‘lida ham muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Hasharda professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar faol ishtirok etdi. Yangi ekilgan daraxtlar universitetning yashil hududini kengaytirib, kelajak avlod uchun munosib ekotizim yaratadi.