“Notiqlik akademiyasi” asoschisi Rahimboy Jumaniyozov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

“Notiqlik akademiyasi” asoschisi Rahimboy Jumaniyozov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ta’lim va tarbiya uyg‘unligini taraqqiyot bilan chambarchas bog‘lab, yoshlarning fikri va so‘zini charxdek o‘tkir qilishda bel bog‘lagan professor-notiq Rahimboy Jumaniyozovning navbatdagi ijodiy uchrashuvi Renessans ta’lim universiteti o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida o‘tkazildi.
 
Ustoz R.Jumaniyozovning ta’kidlashicha, “Ta’lim-tarbiyaning ta’sirchanligi masalasi har bir zamonda dolzarb muammo. Bu esa o‘z-o‘zidan pedagogning kommunikativ kompetensiyasiga borib bog‘lanadi. O‘z fanini chuqur bilgan, nazariy jihatdan puxta, bo‘yi barobar kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar yozgan mutaxassislar bor. Ularning ayrimlari minbar, mikrofon va videokamera orqali auditoriyaga yuzlansa, qo‘rquv va hayajonga tushadi, bilganini ham aytolmay, fikri poyintar-soyintar yo‘sinda bo‘ladi. Endi tasavvur qiling. O‘z faniga, mavzusiga qiziqtira olmagan, ta’lim ta’sirchanligiga rioya eta olmagan pedagog qanday qilib o‘quvchiga yetarli bilim bera oladi? U qanday yo‘l bilan tinglovchini rom etishi, talabani mahliyo etishi, o‘ziga, so‘ziga ergashtira olishi mumkin?”
 
Darhaqiqat, notiqlik san’ati nafaqat pedagoglardan, har bir kasb egalaridan talab etilmoqda. Pedagogdan esa bu san’at orqali ta’lim muassasasida talaba nutqini rivojlantirishi, hayajon va qo‘rquviga barham berishi talab etilmoqda. Chunki, jahon hamjamiyati oldida o‘zbek notiqlari so‘zlagan nutq mamlakat mavqe’ini belgilab bermoqda.
 
Uchrashuv davomida Rahimboy Jumaniyozov o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish, ichki qo‘rquvlarni yengish, ong va qalb bilan kommunikatsiya qila olish ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida talabalar ishtirokida interaktiv o‘yin o‘tkazdi. Ishtirokchilarga nutqni rivojlantirish bo‘yicha maslahatlar berdi.
 
Ishonamizki, akademiya rahbari bilan o‘tkazilgan davra suhbati har bir talabaning nutq va nutq madaniyatini rivojlanishida muhim dasturiamal bo‘lib xizmat qiladi.