Matematika va hayot: raqamlar ortidagi sirlar
26-noyabr kuni Renessans taʼlim universitetida talabalar matematikaning hayotimizdagi ahamiyatini chuqurroq his etishlari uchun ajoyib imkoniyatga ega boʻlishdi. “Matematika va turmush” mavzusidagi uchrashuvga mamlakatimizning eng yirik matematik olimlaridan biri tashrif buyurdi.
Suhbatni universitetning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Akbar Eshmurodov ochib, bugungi uchrashuv uzoq kutilganini, barcha uchun qiziqarli boʻlishini taʼkidladi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Butunjahon Fanlar akademiyasi akademigi, V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktor oʻrinbosari, fizika-matematika fanlari doktori, professor Roziqov Oʻtkir Abdullayevich ishtirok etdi. Mehmon oʻz soʻzida matematikaning naqadar hayotiy fan ekanini isbotlab berdi.
Oʻtkir Roziqov davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar haqida gapirib, yoshlarni ulardan unumli foydalanishga chorladi. Oʻzining hayotiy tajribalaridan misollar keltirib, oddiygina matematik formulalar qanday qilib hayotiy muammolarni yechishga yordam berishini tushuntirdi.
Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar. Uchrashuv soʻngida akademik Roziqovga universitet tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.
Bu uchrashuv nafaqat ilmiy, balki ilhomlantiruvchi voqea sifatida talabalar xotirasida muhrlanib qoldi. Matematika faqat sonlar bilan emas, balki hayot bilan bogʻliq fan ekanligi yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi.
Ishtirokchilar uchun matematika fani chinakam zavq bagʻishlaydigan fanga aylandi.