SMS orqali bank plastik kartalardan pul yechib olinishlari, trading ya’ni pulni ko‘paytirib berishdagi aldovlar, shaxsiy suratlarning internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketayotgan holatlarni juda koʻp uchratyapmiz. Bunday vaziyatlardan kishi oʻzini qanday himoya qilishi kerak?
Renessans ta’lim universitetida “Bank plastik karta hisobidan pullarni noqonuniy ravishda talon-taroj qilish jinoyatining sodir etish usullari va viktimologik profilaktikasi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda Toshkent shahri Shayhontohur tumani IIOFMB yoshlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Kapitan Ilhom Saidov va kiberxavfsizlik boʻlimi vakili Podpolkovnik Sherzod Qodirov ishtirok etdi.
Mutaxassislar talabalarga bank kartadagi mablagʻlarning noqonuniy egallanishi, “Onlayn kredit” yoki “onlayn mikroqarz” haqida FEYK xabarlar, gʻarazli maqsadda yaratilgan soxta akkauntlar, arzon narxdagi musodara tovarlar, internetdagi aldovga asoslangan shopping, shaxsiy maʼlumotlarni egallashga moʻljallangan zararli havolalar, tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar va kibermakondagi boshqa qonunbuzarliklar hamda ularning salbiy oqibatlari haqida maʼlumot berdilar.