IIB hamkorligida “Giyohvandlik – asr vabosi” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi

IIB hamkorligida “Giyohvandlik – asr vabosi” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi

Renessans taʼlim universiteti faollar zalida yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi kurashish, huquqiy targʻibot ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish va profilaktik ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Shayhontohur tumani IIB bilan hamkorlikda “Giyohvandlik – asr vabosi” mavzusida soha mutaxassislari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi. 
Unda Shayxontohur tumani IIB boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Shavkat Matanov va bir guruh masʼul xodimlar tomonidan giyohvandlikning salbiy oqibatlari, inson va jamiyatga zarari toʻgʻrisida talabalarga tushuntirish ishlarini olib bordi. Jumladan, mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish va uni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida toʻxtalib oʻtishdi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, jahonda giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, giyohvandlik xastaligi muammoligicha qolmoqda.  Shu boisdan, bu muammoga hamon jiddiy tahdid  sifatida qaralmoqda.  
Shuningdek, tadbirda yoshlarimizni giyohvandlik balosidan asrash koʻp jihatdan keng jamoatchilikka, ota-onalarga, maktab, oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilariga, mahalla oqsoqollariga bogʻliq ekanligi, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, vaqtdan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan sharoitlarni yaratish, turfa mashgʻulotlarga qiziquvchilar uchun toʻgarak va klublarini kengaytirish, giyohvandlikka qarshi faqat oʻqituvchi yoki narkolog, ichki ishlar xodimi yoki bojxona nazoratchisi emas, balki barchamiz hamjihat boʻlib kurashishimiz kerakligi taʼkidlab oʻtildi. Tadbir talabalarda katta taʼssurot qoldirdi va ular oʻzlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan javoblar oldilar.
Tadbir soʻngida giyohvandlikka qarshi kurashish mavzusida videofilm namoyish etildi.