Global muvaffaqiyat sari qadam – xorijda ta’lim olish imkoniyati

Global muvaffaqiyat sari qadam – xorijda ta’lim olish imkoniyati

Joriy yilning 7-noyabr kuni Renessans ta’lim universitetida “Global muvaffaqiyat sari qadam – xorijda ta’lim olish imkoniyati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
 
Bugungi kunda universitet talabalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro miqyosda muvaffaqiyatga erishishlari uchun qulay imkoniyat yaratib berish mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘ldi.
Tadbirni Renessans ta’lim universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Barakayev ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ilmiy va kasbiy rivojlanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Ayniqsa, “El-yurt umidi” jamg‘armasining bu borada tutgan o‘rni katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Jamg‘arma yoshlar uchun xorijda ta’lim olish imkoniyatlarini taqdim etib, ularning global miqyosda bilim va tajriba orttirishlariga zamin yaratayotganini aytib o‘tdi.
 
Tadbirda Amerika Qo‘shma Shtatlari Syracuse university Maxwell school, Davlat boshqaruvi va Xalqaro munosabatlar yo‘nalishi magistraturasini tamomlagan “El-yurt umidi” jamg‘armasining Ta’lim dasturlari bo‘yicha stipendiya tanlovlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Jaloliddin Isroilov ma’ruza bilan ishtirok etdi.
U o‘z nutqida xorijda ta’lim olgan va hozirda mamlakatimizning turli tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan stipendiatlar haqida qimmatli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
 
Shuningdek, tadbirda jamg‘arma tomonidan yoshlar uchun ajratilayotgan o‘rinlar va stipendiyalar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Jamg‘arma orqali talabalar bakalavriat, magistratura va doktorantura darajalarida xorijiy davlatlarda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkinligi, bu dasturlar yoshlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish va ularni xalqaro bilim maydonida raqobatbardosh qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Ular xorijda ta’lim olish jarayonida uchraydigan qiyinchiliklar, dasturlar tanlash, grant va stipendiya olish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rish kerakligi haqida ma’lumotga ega bo‘ldilar.
 
Renessans ta’lim universitetida o‘tkazilgan ushbu davra suhbati yoshlar uchun xorijda ta’lim olishning ahamiyatini keng ochib berdi. Bunday imkoniyatlar o‘z bilim va ko‘nikmalarini global maydonga olib chiqishga intilayotgan talabalar uchun ajoyib zamin yaratadi hamda kelgusida ko‘plab yoshlarimizning xalqaro ta’lim yo‘lida katta qadam tashlashlari uchun yordam yordam beradi.