“Filologiyaning dolzarb muammolari” nomli xorijiy olimlar ishtirokidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi

“Filologiyaning dolzarb muammolari” nomli xorijiy olimlar ishtirokidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi

 
Renessans ta’lim universiteti Filologiya kafedrasi tomonidan “Filologiyaning dolzarb muammolari” mavzusidagi xorijiy olimlar ishtirokida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Mehmonlar “qizil yo‘lak” uzra hurmat va ehtirom bilan kutib olindi va tadbirni RTU rektori Nusratilla Barakayev o‘zining jo‘shqin nutqi bilan ochib berdi. 
Ushbu konferensiyani o‘tkazishdan maqsad: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmonining 2-bandida “xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kurslarini zarur ilmiy, o‘quv-uslubiy, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash, o‘zbek tilini o‘rgatishga doir ilmiy tadqiqotlar miqdorini oshirish, shuningdek, xorijdagi o‘zbek tili markazlarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kurslar faoliyatini yo‘lga qo‘yish” vazifalari belgilangan.
 
Shuningdek, konferensiya tilshunos olim Abduvali Berdialiyevning yorqin xotirasiga ham bag‘ishlandi.
Konferensiyada xorijiy olimlar Zoom platformasi orqali onlayn tarzda chiqish qilishdi. Xususan, Sug‘d viloyati hukumati qoshidagi O‘zbekiston va Tojikiston do‘stligi jamiyati raisi o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Usmonzoda Ayub Islom “Tojik va o‘zbek xalqalari madaniy hamkorligining yangi qirralari” mavzusida, Qozog‘iston Respublikasi Jumabek Tashenev nomidagi universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Baybulov Qanat Seytjanovich “Renessans ta’lim universiteti va Qozog‘iston universitetlari hamkorligi va istiqbollari” haqida, Osmanov nomidagi Jalolobod davlat universiteti professori, Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasining akademigi, filologiya fanlari doktori, akademik Mirzaxidova Miyassar Inamjanovna “Turkiy tillar morfologiyasi” to‘g‘risida so‘zladi.
Anjumanning asosiy qismida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Isajon Sulton, Renessans ta’lim universiteti professori, filologiya fanlari doktori Raupova Laylo Raximovna, O‘zbekiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Sayfullayeva Ra’no Raufovna, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari doktori, professor To‘xliyev Boqijon, Chirchiq davlat pedagogika universiteti professori Rasulov Ravshanxo‘ja, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU professori Husanov Nishonboy, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institute professori Barakayev Rahmatilla, Samarqand davlat chet tillari universiteti professori, filologiya fanlari doktori Turobov Abdurayim “Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida o‘zbek tilining o‘rni”, “O‘zbek tilshunosligi taraqqiyoti”, “Qadimgi turkiy obidalarning – milliy til boyligining nodir manbalari sifatida”, “So‘zlash osonmi yoki tinglash?”, “Oliy ta’lim soha tilini va nutq madaniyatini o‘qitish muammolari” hamda “Zamonaviy tilshunoslikning taraqqiyoti va muammolari” mavzularida ma’ruzalar qilishdi.
Anjuman o‘z ishini sho‘balarda  ham davom ettirdi. Olimlarning ma’ruzalari qizg’in muhokamalarga sabab bo‘ldi.  
Yakunda ishtirokchilar konferensiya yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini,  takliflarini bildirishdi.