Bugun, 5-noyabr kuni Renessans ta’lim universiteti va Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi hamkorligida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, yetuk adib, xalqparvar inson Sharof Rashidovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Elning buyuk farzandi” mavzusida xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, adiblar, adabiyotshunos olimlar, universitet rahbariyati va xodimlari, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda juda murakkab sharoitda respublikani deyarli chorak asr sharaf bilan boshqargan, doimo el-yurt manfaatini o‘ylab yashagan yetakchining xalqimiz, O‘zbekiston hayotida tutgan benihoya ulkan o‘rni va xizmatlari, odamlar og‘irini yengil qilish, zahmatlarni munosib yengib o‘tishdagi jasorati xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Jumladan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Аli, akademik Ahmadali Asqarov, professor Narzulla Jo‘rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Sayyora To‘ychiyeva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Kamol Matyoqubov, Renessans talim universiteti rektori, professor Nusratilla Barakayev, siyosiy fanlar doktori, professor To‘lqin Alimardonov so‘zga chiqib, Sharof Rashidovning millat qahramoniga aylanishgacha bosib o‘tgan tahlikali va ayni paytda muvaffaqiyatli hayot yo‘li, yutuq-g‘alabalari, iztiroblari haqida qimmatli, muhim ma’lumotlar berib, bularning bari shu yurtning har bir farzandi uchun ibrat va faxr namunasi ekanligini alohida ta’kidladi.
Kecha mobaynida uzoq yillar davomida Sharof Rashidov hayotini o‘rganib kelayotgan siyosiy fanlar doktori, professor To‘lqin Alimardonovning adib va arbobning hayot yo‘li, sermazmun ijodiga bag‘ishlangan navbatdagi ilmiy-ommabop asari – “Sharof Rashidov” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nashrda muallif davlat, jamiyat va xalq tarixi munosabatlariga oid ilmiy, nazariy qarashlarni Sharof Rashidov timsolida hayotiy va ta’sirchan misollar orqali ochib bergan.
Taqdimotda ushbu nashr yosh avlodga shaxsning ziddiyatli va murakkab faoliyatini to‘g‘ri anglatish, haqiqiy qahramonliklarini to‘liq ko‘rsatib berishda, ularni millat va xalq taqdiri yo‘lidagi sharafli mehnat va mas’uliyatga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim manba bo‘lishi qayd etildi.