16-noyabr dunyo miqyosida Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan, 15-noyabr kuni Renessans ta’lim universitetida “Diniy bag‘rikenglik – tinchlik va barqarorlik garovi” mavzusida muhim davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Suhbatni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akbar Eshmurodov ochib, bag‘rikenglikning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Shohruh Jumayev va universitetning Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori To‘lqin Alimardonov, yurtimizdagi bag‘rikenglik siyosati va millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan dolzarb fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ular bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat o‘zbek xalqining asriy qadriyatlari bo‘lib, bu tamoyillar tinchlik va barqarorlikning mustahkam poydevori ekanligini aytib o‘tdilar.
Mazkur davra suhbati nafaqat milliy bag‘rikenglik tamoyillarini anglash, balki tinchlik va totuvlikni yanada mustahkamlash yo‘lida birgalikda harakat qilish zaruratini yana bir bor yodga soldi.