Pekin davlat universiteti, Pekin til universiteti va Pekin Fujen universiteti bilan Renessans ta’lim universitetlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Tashrif doirasida Xitoy delegatsiyasi universitet binosida tashkil etilgan milliy ko‘rgazmani tomosha qilib, milliy liboslarimiz, qo‘l mehnati bilan yaratilgan naqqoshlik buyumlari, haykaltaroshlik namunalariga katta qiziqish bildirishdi.
Shundan so‘ng, o‘zaro kelishuv uchrashuvi o‘tkazildi. Dastlab, Pekin davlat universiteti direktori Ge Juzhong O‘zbekistonga kelganidan mamnun ekanligi, bu yerni atmosferasi iliq va o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaganini ta’kidladi. Shuningdek u Xitoyda ta’lim sifatiga juda katta e’tibor qaratilishini, faqat iqtidorli talabalar bilan emas, balki, har bir talaba bilan dars mashg‘ulotlaridan keyin individual ishlanishini, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasida xorijiy talabalar qatori grand dasturlarida o‘zbek yoshlarini ham ishtirokchi sifatida ko‘rishni istashini aytib o‘tdi.
“Bizning xalqimizda bir gap bor, “Ilmni kerak bo‘lsa, Chindan borib o‘rganish kerak”. Talaba-yoshlarimiz nafaqat ta’lim, ishlab chiqarish sohalarida ham Xitoydan o‘rganadigan tajribalari juda ko‘p. Biz ularni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyormiz”, - dedi Renessans ta’lim universiteti rektori Nusratilla Barakayev. Shuningdek, universitet bugungi kunda xorijiy ta’lim muassasalari bilan almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yganligi, har bir ustozning ilmiy maktabi mavjud ekanligini, endilikda Pekin bilan ham talabalar, o‘qituvchilar va o‘quv darsliklari almashinuvini yo‘lga qo‘yish lozimligini o‘z nutqida bildirdi.
Pekin til universiteti o‘qituvchisi Bao Xinyi va Pekin Fujen universiteti o‘qituvchisi Huang Dunhua kelgusida Renessans ta’lim universiteti bilan turizm sohasidagi katta loyihalarni amalga oshirish istagida ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida Xitoy delegatsiyasi vakillari va universitet talabalari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Talabalar bilan suhbatdan keyin delegatsiya a’zolari universitetlar broshuralari, jurnallari, bayroq va atributlari ko‘rgazma materiallarini namoyish etishdi. Yakunda Renessans ta’lim universiteti jamoasi milliylik aks etgan buyumlar va esdalik sovg‘alarini ulashishdi.