Toshkent shahrida joylashgan “Adiblar xiyoboni” nafaqat tashqi ko‘rinishi, o‘ziga xos landshafti, balki ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy jihatdan ham ahamiyatlidir. O‘zbek milliy adabiyotining shu maskanda nomlari zikr etilgan hamda haykallari o‘rnatilgan 24 ta yirik namoyandalar, atoqli ziyolilar hamda ma’rifatparvarlarning hayot yo‘li, ijodi, o‘lmas merosi hozirgi va kelajak avlod uchun ulkan ibrat maktabidir.
“Bilimlar estafetasi”da Renessans ta’lim universiteti talabalarining Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Aldulhamid Cho‘lpon kabi jadid mutafakkirlarimiz, qolaversa, Ogahiy, Furqat, Oybek, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf va boshqa taniqli ijodkorlarning qoldirgan bebaho ma’naviy xazinadan nechog‘li xabardor ekanliklari savollar berish orqali sinaldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i ijrosi uchun uyushtirilgan ushbu tanlov qizg‘in hamda do‘stona ruhda o‘tdi. O‘quv dargohimizning turli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlardan iborat jamoalar ko‘plab ijodkorlar hayoti va adabiy faoliyati bo‘yicha bilimlarini namoyish qilib, o‘zaro bilim sinashishdi.
Bellashuv natijalariga koʻra: 1-o‘rin Filologiya kafedrasi, 2-o‘rin Matematika va axborot texnologiyalari kafedrasi, 3-o‘rin esa Iqtisodiyot kafedrasiga nasib qildi.
Tadbir so‘ngida, g‘oliblarga universitetning maxsus sovg‘alari berildi hamda barcha ishtirok etgan kafedralar “Tashakkurnoma” bilan taqdirlanishdi.