Bayrog‘imiz – g‘ururimiz va birligimiz ramzi

Bayrog‘imiz – g‘ururimiz va birligimiz ramzi

“Bayrog‘im – g‘ururim, iftixorim”. Renessans ta’lim universitetida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ana shunday nomlandi.

Madhiyamiz sadosi ostida boshlangan tadbirda universitetimiz rektori, texnika fanlari doktori, professor Nusratilla Barakayev bayram bilan barchani samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida davlatimiz bayrog‘i va uning ramzi, bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini hamda xalqimizning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassam etishini ta’kidladi.

Shuningdek, bayrog‘imizdagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi ekanligi, oq rang – muqaddas tinchlik ramzi ekanligi, yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi bo‘lib, qizil rang – vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatishini talabalarga aytib o‘tdi.

Qolaversa, yarim oy tasviri tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liqligi, mustaqilligimiz  ramzi ekanligini, o‘n ikkita yulduz esa xalqimiz madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunishini mamnuniyat bilan eslatib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Saodat” jurnali bosh muharriri, shoira Munavvara Usmonova ham ishtirok etdi. Bayrog‘imiz qabul qilingan kun munosabati bilan talabalar va professor-o‘qituvchilarni tabriklagan shoira bayrog‘imiz osmonimizning abadiy musaffoligini, xalqimizning orzu-umidlarini o‘zida mujassam etishini alohida ta’kidladi.

Talabalar tayyorlagan musiqiy chiqishlar tadbirni yanada fayzli qildi. Bayramona kayfiyat har bir ishtirokchining qalbiga faxr va iftixor tuyg‘usini baxsh etdi. Bu bayram nafaqat bayrog‘imizni ulug‘lash, balki undagi ramzlar ma’nosini chuqurroq anglashga undadi.

 

Bayrog‘imiz – xalqimizning g‘urur bayrog‘i bo‘lib, bugungi va ertangi avlodlar uchun doimo ilhom manbai bo‘lib qoladi.

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.