Sheʼriyat mulkining sultoni, davlat arbobi, mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan “Milliy tiklanish” partiyasi Markaziy kengashi tomonidan Abror Hidoyatov nomidagi O‘zbekiston davlat drama teatrida adabiy kecha tashkil qilindi.
Partiya aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Renessans ta’lim universiteti talaba-yoshlari ishtirokida o‘tgan tadbirni Markaziy kengash raisi Alisher Qodirov ochib, Navoiy “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi asoschilaridan biri ekanini, chunki partiya ramzida tasvirlangan Semurg‘ qushi aynan bobomizning “Lison ut-tayr” asaridan olinganini taʼkidladi.
“Semurg‘ bu 30 qushdan iborat va ular asl maqsadiga erishish uchun dunyoning turli tomoniga uchib ketmay, bir g‘oya ostida birlashib Semurg‘ bo‘lganida edi, sarson-sargardon bo‘lmay birgalikda baxtga, maqsadiga erishgan bo‘lardi.”
– Navoiy bobomizning bu g‘oyasi partiyamizning bugun jamiyatda ilgari surayotgan bosh g‘oyasi hisoblanadi va millatimiz, eʼtiqodimizdan qatʼiy nazar bir bo‘lib, birgalikda rivojlanish yo‘lini tanlasak, dunyo tinchlik va totuvlik qaror topgan huzur-halovat uyiga aylanadi, – dedi Alisher Qodirov.
Partiya yetakchisining taʼkidlashicha, Navoiyning xalqimiz uchun buyukligi shundaki, turkiy tilimizni himoya qilib, asarlar bitmaganida edi, ona tilimiz yo‘qolib ketgan bo‘lardi.
Afsuski, oradan shuncha vaqt o‘tib, o‘zbek zaboni bugun yana xavf ostida qolmoqda. Bugun farzandlarimizning o‘z ona tilimiz qolib, boshqa tillarda savod chiqarishini afzal bilyapmiz. Albatta, xorijiy tillarni o‘rganish fazilat. Lekin Navoiy bobomiz aytganlaridek, o‘z tilini unutmoq oqpadarlikdir. Aynan shu sababli, farzandlarimizni vatanparvar, xalqimizga, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida voyaga yetishini istasak, ularning savodi avvalo ona tilimizda chiqishiga hayot-mamot masalasi sifatida qarashimiz lozim.
Tadbirda Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan intellektual o‘yinlar tashkil qilindi va faol qatnashgan talabalarimiz munosib taqdirlandi.
Kecha yakunida O‘zbekiston davlat drama teatri ijodkorlari tomonidan Navoiy bobomizning “Sabʼai sayyor” dostoni asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish qilindi.