Renessans ta’lim universitetida Zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik texnologiyalari institutining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir o‘zaro ishonch va samimiy hamkorlik ruhida tashkil etildi.
Tadbirda Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi direktori Farxod Djumaev, Renessans ta’lim universiteti rektori Shohruh Nuraliyev, Xitoyning Oʻzbekistondagi elchixonasining taʼlim masalalari boʻyicha maslahatchisi Sun Changdon, Xitoy Mashinasozlik sanoati ta’limini rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Wang Zhiqiang, shuningdek, universitet mas’ullari ishtirok etdi.
Mehmonlar universitetdagi ta’lim jarayoni, o‘quv xonalari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir davomida Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Xitoy Mashinasozlik sanoati ta’limini rivojlantirish markazi o‘rtasida, shuningdek, Renessans ta’lim universiteti bilan mazkur markaz o‘rtasida o‘zaro memorandum imzolandi.
Shuningdek, xitoylik mehmonlar O‘zbekistondagi BYD kompaniyasi faoliyati hamda mamlakatimiz avtomobil sanoatining rivojlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda muhandislik va ishlab chiqarish texnologiyalari sohasini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish hamda zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.