Renessans ta’lim universitetida navbatdagi ochiq dars mashg‘ulotlari tashkil etildi. O‘quv jarayonini yangi interfaol metodlar va zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish maqsadida universitetning barcha kafedralarida ilmiy va amaliy yondashuvlar davom ettirildi.
Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha Moliya va kredit kafedrasining dotsenti Farida Kilicheva “Shaxsiy kapitalni hisobga olish” mavzusida talabalarga ustav kapitalining shakllanishi va hisobini tashkil qilish hamda subsidiya va grantlar hisobini yuritishni tushuntirib berdi. Dars davomida o‘quvchilar faol qatnashib, mavzu yuzasidan qiziqarli savollar berdilar.
Shuningdek, Moliya-kredit kafedrasi assistent o‘qituvchisi Sevara Usmonova “Kapital byudjetlashtirish usullari” mavzusida dars olib bordi. Darsda turdosh kafedralarning professor-o‘qituvchilar ham ishtirok etib, mavzuni to‘liq ochib berishda o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Xorijiy til va adabiyot kafedrasi assistenti Naima Sohibova esa “Joyni tasvirlash; Nisbiy olmoshlari” mavzusida interfaol dars o‘tkazdi. Darsda talabalar mavzuni chuqurroq tushunishlari uchun savollar berib, faol ishtirok etdilar.
Keyingi ochiq dars Iqtisodiyot yo‘nalishi, “Matematika va tabiiy fanlar” kafedrasi matematika fani o‘qituvchisi dotsent Sh.Almuratovning “Funksiyaning hosilasi. Hosilaning geometrik, mexanik va iqtisodiy ma’nolari” mavzusida innovatsion texnologiyalar asosida dars o‘tkazdi. Darsda talabalarning erkin muloqot qilishi va interfaol metodlardan foydalanish, o‘qituvchining mahoratiga e’tibor qaratildi.
Matematika ta’lim yo‘nalishi “Matematika va tabiiy fanlar” kafedrasi dotsenti Davronbek Davletovning “Tekislikda to‘g‘ri chiziqning turli tenglamalari, to‘g‘ri chiziqning umumiy tenglamasini tekshirish, o‘zaro vaziyatlari, to‘g‘ri chiziqlar dastasi va bog‘lami, nuqtadan to‘g‘ri chiziqqacha bo‘lgan masofa” mavzusida o‘qitishning metodlarini namoyish etdi. Dars davomida interfaol usullar bilan o‘quvchilarning diqqatini jalb qilish va mavzuni chuqur o‘zlashtirish uchun e’tibor qaratildi.
“Pedagogik ta’lim va psixologiya” kafedrasi katta o'qituvchisi Shodmonova Abera Shodiyevnaning “Pedagogik konfliktli vaziyatda pedagogik psixologik xizmat” mavzusida ochiq darsi bo‘lib o‘tdi. Dars davomida o‘quvchilar faol qatnashib, soha bo‘yicha yangi bilimlar ega bo‘ldilar.
Ochiq darslar davomida talabalar o‘z bilimlarini yanada mustahkamlab, o‘qituvchilar esa o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Olib borilgan ochiq dars mashg‘ulotlari universitetda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.