Maʼnaviy xavfsizlikni taʼminlash davr talabi

Maʼnaviy xavfsizlikni taʼminlash davr talabi

Joriy yilning 16-dekabr kuni Renessans taʼlim universitetida globallashuv davrida alohida ahamiyat kasb etayotgan mavzu – maʼnaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirni Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Akbar Eshmurodov ochib berdi.

“Bugungi kunda yoshlar ongini turli zararli gʻoyalar va axborotlardan himoya qilish dolzarbligicha qolmoqda, bu borada taʼlim maskanlarining oʻrni juda ham muhimdir”, — deya taʼkidladi universitet prorektori.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi maslahatchisi, taniqli dinshunos va “Shuhrat” medali sohibi Ilhom Maʼrupov asosiy maʼruzachi sifatida ishtirok etdi. U zamonaviy axborot xurujlari sharoitida maʼnaviy himoyaning ahamiyati haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Globallashuv jarayoni koʻplab imkoniyatlarni ochayotgani bilan birga, oʻziga xos xavflarni ham tugʻdirmoqda. Maʼnaviyat – bu millat qalqoni, uni mustahkam ushlab turish esa barchamizning zimmamizdagi vazifadir”.

Uchrashuv davomida yoshlar ongini zararli mafkuralar taʼsiridan himoya qilish yoʻllari, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligini oshirish, ommaviy axborot vositalarida ijobiy qadriyatlarni targʻib qilish kabi masalalar muhokama qilindi.

Suhbat davomida talabalar va universitet xodimlari ham oʻz fikrlarini bildirishdi. Koʻpchilik yoshlar Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali turli zararli axborotlarning kirib kelishi xususida savollar bilan murojaat qildilar.

Uchrashuv yakunida Renessans taʼlim universiteti rahbariyati tomonidan mehmonga esdalik sovgʻasi topshirildi.

“Maʼnaviy xavfsizlik – jamiyat barqarorligining garovi”, degan xulosa bilan yakunlangan mazkur davra suhbati mamlakatda yoshlar tarbiyasiga qaratilgan eʼtiborning yana bir amaliy koʻrinishi boʻldi.