Ta’limda birdamlik: Renessans ta’lim universiteti va Turkiyaning Balikesir universitetlari hamkorlikni mustahkamladi 

Ta’limda birdamlik: Renessans ta’lim universiteti va Turkiyaning Balikesir universitetlari hamkorlikni mustahkamladi 

Turkiyaning Balikesir universitetida ayni kunlarda muhim uchrashuvlar davom etmoqda. “Turkiy davlatlar tashkiloti Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari akademik almashinuvi” loyihasi doirasida Renessans ta’lim universitetining professor-o‘qituvchilari va mutaxassislaridan iborat vakillari xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Mehmonlarni Balikesir universiteti rektori, professor Yucel Ogurlu samimiy kutib oldi. Uchrashuv do‘stona muhitda, ochiq va iliq kayfiyatda o‘tdi.
Safar davomida ikki universitet o‘z imkoniyatlarini yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Shuningdek, Turkiyadagi malaka oshirish kurslarida qatnashish, ochiq darslarda ishtirok etish, universitet olimlari hamkorligida maqolalar hamda Turkiya nashriyotlarida qo‘shma mualliflikda kitoblar chop etish ham rejalashtirilgan.
Uchrashuvlarda qo‘shma ta’lim dasturlari ochilishi, o‘quv rejalarini uyg‘unlashtirish masalalari ham muhokama qilinmoqda. Iqtisod, Muhandislik, Fan va bilimlar, Filologiya hamda IT fakultetlarining dekanlari va kafedra mudirlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi. Har bir suhbatda aniq rejalar, amaliy takliflar ko‘rib chiqilmoqda.
Bunday hamkorlik kelajak uchun zamin hozirlaydi, yoshlarimizga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Har bir uchrashuv, har bir muzokara – ta’lim sohasidagi mustahkam hamkorlik sari yana bir dadil qadamdir.