Xabaringiz bor, Renessans ta’lim universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari Turkiyada xizmat safarida bo‘lib qaytdi. Ular Balikesir universitetida akademik hamkorlik doirasida qator tadbirlarda ishtirok etdi.
Mazkur safar “Turkiy davlatlar tashkiloti Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari akademik almashinuvi” loyihasi asosida tashkil etildi. Ushbu tashabbus – ilmiy tajriba almashish va aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Safar davomida Renessans taʼlim universiteti vakillari Balikesir universiteti talabalari va professorlari uchun seminar-treninglar o‘tkazdi. Treninglar yakunida o‘qituvchilarimizga maxsus sertifikatlar topshirildi. Bu ularning xalqaro miqyosdagi mehnatiga e’tirof sifatida baholandi.
Bundan tashqari, ikki universitet o‘rtasida qo‘shma ta’lim yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘quv rejalari muvofiqlashtirildi. 20 dan ortiq ilmiy maqola birgalikda tayyorlandi. Yana bir quvonarli yangilik — yaqin orada ikki tomonlama hamkorlikda ilmiy kitoblar ham chop etilishi kutilmoqda.
Ushbu xizmat safari xalqaro hamkorlikka qo‘yilgan muhim qadam va ilm-fanga xizmat qiluvchi do‘stona aloqalarning yorqin namunasidir.