Navro‘z shukuhi davom etmoqda: Arqon tortish – jamoaviy kuch va hamjihatlik sinovi

Navro‘z shukuhi davom etmoqda: Arqon tortish – jamoaviy kuch va hamjihatlik sinovi

Ayni paytda Renessans ta’lim universitetida davom etayotgan Navro‘z saylida eng qizg‘in va hayajonli musobaqalardan biri – arqon tortish bo‘ldi. Bu o‘yinda nafaqat jismoniy kuch, balki jamoaviy hamjihatlik, taktika va ruhiy tayyorgarlik ham muhim rol o‘ynaydi.
 
Bugungi bahsda har bir jamoa o‘ziga xos strategiya bilan bellashdi. Ayrim jamoalar tezlikka suyanib, ilk daqiqadayoq raqibni ortga tortishga urindi. Boshqalar esa kuchni tejab, ohista, lekin barqaror harakat qilishga urinishdi. 
 
Musobaqa davomida tomoshabinlarning qo‘llab-quvvatlashi ishtirokchilarga yanada koʼtarinki ruh bag‘ishladi. Jamoalar bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilayotganida, atrofdagilar ularga ruhan kuch bag‘ishlab, shijoat qo‘shdi. Ayrim bellashuvlar juda keskin kechdi. Ayniqsa, murabbiylar va talabalar jamoasi o‘rtasidagi bahs barchani birdek hayajonga soldi. Qizg‘in bahs, shiddatli kurash bilan kechgan ushbu bahsda murabbiylar jamoasining qo‘li baland keldi. 
 
Musobaqa natijasida eng chidamli jamoa g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ammo bu bellashuvdan asosiy maqsad – g‘alaba emas, do‘stona, birdamlik va jamoaviy ruh edi. Bugungi o‘yinlar buni yana bir bor isbotladi: yakka kuchdan ko‘ra, jamoa kuchliroq!
 
☘️Navro‘z shukuhi davom etmoqda – tez orada sizga navbatdagi qiziqarli musobaqalardan ham lavhalarni taqdim etamiz!